Noshirlik va matbaa sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun

2020-07-30 09:20:00

Endilikda noshirlik va matbaa sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlardan litsenziya va ruxsatnoma olish talab etilmaydi.

Bunda tadbirkorlik sub'yektlari noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganidan keyin 10 kun ichida Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini xabardor qilib qo‘yishi kerak.

Tadbirkorlarning davlat muassasalariga shaxsan murojaat qilishlari ham shart emas. Buning uchun internet tarmog‘i orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kirib, “Litsenziyalash” bo‘limidan “Matbaa faoliyatini amalga oshirishda vakolatli davlat organini xabardor qilish” bandi orqali kerakli xizmatni topishi, tegishli maydonlarni to‘ldirib, ariza yuborishi va avtomatik tarzda tasdiqnoma olishi mumkin. Bundan tashqari, saytning qidiruv tizimidan “matbaa”, “noshirlik” kalit so‘zlarini kiritish orqali ham bir necha soniyada ushbu xizmatlarni topish imkoniyati mavjud.

Xabarnoma yuborilganidan so‘ng, avtomatik tarzda natijasi bo‘yicha davlat reyestriga kiritilganligi to‘g‘risida QR-kod qo‘yilgan tasdiqnoma tadbirkorga real vaqt rejimida beriladi. Eng muhimi, mazkur xizmatlar mutlaqo bepul amalga oshiriladi.

Mazkur yangilik litsenziya va ruxsat berish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida tadbirkorlik sub'yektlariga yanada ko‘proq qulaylik yaratishga xizmat qiladi.

Eslatma, noshirlik faoliyati uchun avval olingan va amal qilish muddati tugamagan litsenziyasi bo‘lgan tadbirkorlar o‘z faoliyatini davom ettirayotganligi to‘g‘risida vakolatli organni xabardor qilib qo‘yishlari lozim.

Xizmatga o‘tish havolalari:
https://my.gov.uz/oz/service/317
https://my.gov.uz/oz/service/318