Yangiliklar » Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali haqida (УЧАСТНИК КОНКУРСА)
07.12.2013

Qisqacha

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali shu yilning 1-iyul kuni beta rejimda ishga tushirildi.

Portalning asosiy vazifalari:

  • foydalanuvchilarga davlat organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish uchun imkoniyat berish;
  • foydalanuvchilarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalar bilan integratsiyalash;
  • foydalanuvchilarning davlat organlari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish;
  • davlat organlariga murojaat qilinganda foydalanuvchilar uchun byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va ularni bartaraf etish;
  • «elektron hukumat»ni yanada rivojlantirish va davlat boshqaruviga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishda ko‘maklashish.

Ma’lumot Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan olingan, portal haqida to’liq ma’lumot http://my.gov.uz/uz/page/about.html da.

Nuqta’i nazar

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan kerakli xizmatla uchun qaysi tashkilotga murojaat qilish, qayerda va qanaqa hujjatlar talab qilinishi va qancha davlat boji to‘lanishi yoki umuman to‘lanmasligi, kommunal to‘lovlardan qancha qarzingiz bor va yo‘qligi haqida va boshqa ma’lumotlar bor. O‘z navbatida portal fuqaroning va yuridik shaxsning oddiy muammo va ehtiyojlarini bajara oladi.

Bu loyihaning eng asosiy afzalligi sizga kerak bo‘lgan davlat xizmatidan ortiqcha vaqt sarflamasdan va ortiqcha xarajatlarsiz foydalanasiz. Eng muhimi asabingizni asraysiz. Hammamizga ma’lum insonning asab tolalari regenerativ hususiyatga ega emas.

Birgina misol. Bir tanishimni o‘qish joyidan “turar(yoki yashash) joyidan ma’lumotnoma” olib kelishini so‘rashdi. Ma’lumotnoma olish uchun avvali mahalla fuqarolar yig‘iniga bordi, uni 3 kun davomida “rais hali kelmadilar” deb qaytarib yuborishdi. Nihoyat 4-kun rais topildi, “справка” blankini olib hamma ma’lumotlar yozildi, imzo va muhr bosildi. Keyin rais birgina qog‘oz parchasi va qo‘ygan imzosi uchun kotibasiga 8000 so‘m qoldirishini aytdi.

Turar joyidan ma’lumotnoma portal ko‘rsatadigan xizmatlari bilan u darajada yaqin emas-ku, lekin “hamma narsa ozidan(yoki kichigidan) boshlanadi” degan gap bor. Hech kimga sir emas, bu kabi poraxo‘rlik, sarson-sargardonlik va asab buzarliklar boshqa tashkilotlarda ham mavjud. Yagona portal Davlat tashkilotlarining faoliyatini yanada shaffof(“прозрачность”) bo‘lishligi uchun ilk qadamlardan biri.

Yagona portalda hech kim sizdan “Ertaga keling” yoki “Paynetdan 8000 so‘m tashlab yuboring” deb so‘ramaydi :)

Test drive

Sinov maqsadida va haqiqatdan ham zarurat borligi uchun yagona portal kirib, ID.uz da ro‘yxatdan o‘tdim va ariza qoldirdim.

Portal hodimlari juda operativ ishlashyapti. Birgina arizamni qabul qilinganligi, uning tegishli tashkilotga yuborilganligi va tashkilot uni ko’rib chiqib, javob xati yuborilganligi to’g’risida e-mail va alohida-alohida 5ta SMS xabar oldim. SMS xabarlarda qaysi sahifaga kirib, ma’lumotni tekshirishim mumkinligi havola(link) bilan birga yozilgandi.

Natija : yagona portal ijobiy, a’lo desa ham bo‘ladi; lekin arizamni ko‘rib chiqqan va javob bergan tashkilot salbiy(baribir xizmat ko‘rsatishdagi arzimagan va elementar narsalarga e’tibor yo‘q, muomala madaniyati “0”(nol). Sarson bo‘ldim, vaqt yo‘qotdim, “cho‘ntak janvar” chetda turmadi, uni ustiga janjallashib ham oldim)!

Ha, agar sizni portal yoki tashkilot xizmatlarida nimadur qoniqtirmasa, portal ma’muriyatiga shikoyat yuborishingiz mumkin.

Yagona portal hali beta rejimda ishlab turibdi, ya’ni uning ustida hali yana izlanishlar, o‘zgartirishlar olib borilyapti. Portalning funksional qismi yanada kengaytirilyapti. Daryo.uz saytida yozilishicha tez orada Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi 50 dan ortiq xizmatlarni yo‘lga qo‘yish ishlari boshlangan, va ular orasida biometrik pasport olish uchun ariza berish xizmati joriy qilinar ekan.

Portalning usability(qulaylik) tarafdan kamchiliklari ham yo‘q emas

Bosh sahifa

Xususan portalning rangi, asosiy rang sifatida ko‘k va shu rangning bir nechta ko‘rinishlari tanlangan. Ko‘k rang bu turdagi sayt va portallar uchun juda mos, faqatgina me’yorida. Biz yoqtiradigan ko‘k rang bu portallning dizaynida juda ko‘p va juda yorqin ko‘rinishda qo‘llanilgan. Juda!

Oz miqdorda bo‘lsa ham neytral va passiv ranglardan foydalanilsa ma’qulroq bo‘lardi. Yana logotipda yashil rang ham bor. Bir tomondan, logotip ustida ham bir oz ishlansa yaxshi bo’lardi.

Xizmatlar ro‘yxati

2. Bosh sahifadagi xizmatlar ro‘yxatining ko‘rinishi. “Quti ichida yana quti”.

Shrift masalasiga keladigan bo‘lsak, yanada chiroyliroq ko‘rinishga keltirish mumkin.

Teglar

3. Teglar buluti — kursorni biror tegni ustiga olib borsangiz, aktivlik holati deyarli sezilmaydi. Yana smartfondan kirilganda, menimcha, zich joylashgan teglarni mo‘ljalga olish qiyinroq masala. Buni ham biror yechimi bo‘lishi kerak yoki mobil versiyadan umuman olib tashlansa ham bo‘ladi, foydalanish oson, ko‘rinish soddalashardi.

4. “Tashkilot saytlarining top reytingi”da saytlarga havola (link) berilmagan. Bu arzimagan kamchilik, lekin to‘g‘irlansa qulayroq bo‘larmidi …

5. Biror bir xizmatlar ro‘yxatiga o‘tilganda, faqat qidiruv qismi qoladi. Agar men boshqa xizmatlar ro‘yxatiga o‘tgim kelsachi? Avval bosh sahifaga qaytishim, keyin u yerdan boshqa xizmatlar turini tanlashim kerak bo’ladi. Bunga faqat tajribali foydalanuvchilarning aqli yetadi.

Shularga o‘xshash ichki sahifalarda va navigatsion tizimda yana bir nechta kamchiliklar ham bor. Dizayn va funksional ustida yana bosh qotirish kerak.

Agar yuqorida aytib o‘tilgan kamchiliklar bartaraf etilsa, va ular tartibga solingan holda, mukammal amalga oshirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Dunyo tajribasi

Dunyoning ko‘pchilik rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarida internet ADSL va FFTx(optika) texnologiyasi yordamida tarqatish “problema”emas va deyarli barcha hududlarida ommalashgan. Deyarli barcha katta va kichik korxonalarda (kafe va restoranlarda, dam olish maskanlarida bepul) internet mavjud. Deyarli hammada o‘zining PC yoki laptopi, har bir xonadonda kompyuter bor va internetga ulangan. Qisqasi aholi zamon bilan hamnafas.

Biz sal oqsayapmiz, lekin bu borada ham siljish kuzatilyapti. O‘zbekistonda asosiy internet foydalauvchilari mobil telefon va smartfonlardan kiradilar, shunda ham eng asosiy massa odnoklasniki.ru ijtimoiy tarmog‘i hisobiga to‘g‘ri keladi. Sayt degan tushunchani o‘zi hali to‘laligicha shakillanmagan, sayt deganda odamlar pochta, profil va acountlarni tushunadilar. “Adnada sayting bormi?” deb so‘rashsa jahlim chiqadi. Agar tushuntirishni boshlasam ba’zilar “bizni pastga uryapsan” deb hafa ham bo‘lishadi :) Aslida bu juda achinarli holat :(

Kimdur bu holatni imkoniyat darajasiga bog‘lar va qisman haq bo‘lar, lekin mening fikrimcha bu aslida odamni o‘z ustida o‘zi ishlashi darajasi, qanchalik yangiliklarga qiziqishi, nima muhim va nima muhim emasligi to‘g‘risida bosh qotirmayotganligidan deb bilaman.

Rivojlangan davlatlar orasidan Rossiya Federatsiyasining www.gosuslugi.ru va Turkiyaning www.turkiye.gov.tr saytlari juda qulay, aslida bu turdagi portallar shunday bo‘lishi ham kerak. Yana boshqa qator davlatlarning ham e-Government (elektron hukumat) tizimlarini ham misol qilib keltirsa bo‘ladi.

Rossiya davlat xizmatlari portali

Usability yuqori darajada, hech qayerda adashib qolmaysiz. Juda qulay. Bir xillikdan ancha yiroqda. Bulardan o‘rgansa bo‘ladi. To‘liq plagiat bo‘lsin demayman, “eng eng” yechimlarini bizda qo‘llab, xunuk va noqulay jihatlarini olib tashlasa bo‘ladi. Bu uchun faqat shu turdagi tizimlardan namuna olish shart emas. Boshqa turdagi saytlardan, kompyuter va mobil qurilmalar uchun mo‘ljallangan dasturlardan ham olsa bo‘ladi, ustiga ustak bizlarda ham kreativ va iste’dotli web, UX/UI dizaynerlar yetarlicha.

Bizning portalni AQSh, Canada va Xitoy kabi yetakchi davlatlarning portaliga qaraganda ancha qulayroq deb bilaman.

Boshqa davlatlarning ko‘pchilik e-Government portal va saytlarining iOS va Android operatsion tizimlarida ishlaydigan mobil qurilmalar uchun “app”lari (dasturlari) yaratilgan. Bu o‘ziga yarasha qulayliklar yaratadi va foydalanuvchilarda qiziqish uyg‘otadi. Bizda ham bo‘ladi degan umiddaman.

Muhammadjon Saidmurodov

www.medium.com

Поделиться

14113 marta ko`rilgan

Ommabop xizmatlar

Yuborilmoqda...

Qayta aloqa

* belgisi bilan ajratilgan maydonlar to`ldirilishi shart.

Tasvirdagi belgilarni kiriting*
Harflar katta yoki kichikligining ahamiyati yo`q.
Murojaat yuborish

Davlat organi rahbariyati qabuliga yozilish

Tadbirkorlik

Qayta aloqa