1. Umumiy qoidalar
1.1. Ushbu Foydalanish Shartlari (keyingi o‘rinlarda “Shartlar”) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz (keyingi o‘rinlarda – “Yagona portal”)dan foydalanish tartibini belgilaydi.
1.2. Portal jismoniy va yuridik shaxslarga (keyingi o‘rinlarda – Foydalanuvchi) davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish imkonini taqdim etadi.
1.3. Foydalanuvchi Portaldagi shaxsiy kabinetiga belgilangan tartibda kirishi yoki undan foydalanishi ushbu Shartlarga rozilik berganligini bildiradi. Agar siz ushbu Shartlarga rozilik bildirmasangiz, portaldan foydalanmaslik huquqiga egasiz.
2. Foydalanuvchi huquqlari va majburiyatlari
2.1. Foydalanuvchi huquqlari:
- elektron davlat xizmatlarini tasdiqlangan reglamentlarga muvofiq o‘z vaqtida va sifatli olish;
- elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida to‘liq va ishonchli axborot olish;
- elektron davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi davlat organlarining qarorlari va mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan bo‘ysunuv tartibida yuqori turuvchi organlarga yoki mansabdor shaxslarga yoxud sudga belgilangan tartibda shikoyat qilish;
- elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini baholashda ishtirok etish;
- elektron davlat xizmatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritish;
- qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlardan foydalanish.
2.2. Foydalanuvchi majburiyatlari:
- o‘zining login va paroli xavfsizligini ta’minlash;
- o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini to‘g‘ri va haqqoniy ko‘rsatish;
- axborot va kiberxavfsizlik talablariga to‘liq rioya qilish;
- Yagona portaldan foydalanishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya qilish;
- qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarni bajarish.
2.3. Foydalanuvchiga quyidagilar taqiqlanadi:
- boshqa foydalanuvchilarning shaxsga doir ma’lumotlariga ruxsatsiz ishlov berish;
- Yagona portal faoliyatiga xalaqit beruvchi harakatlarni sodir etish (jumladan, zararli dastur tarqatish, tizim resurslariga asossiz yuk tushirish va boshqalar);
- Yagona portal orqali yolg‘on yoki soxta ma'lumotlar taqdim etish.
3. Yagona portal operatorining huquqlari va majburiyatlari
3.1. Huquqlar:
- Foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilish;
- kelib tushgan so‘rovlar va ko‘rsatilgan elektron davlat xizmatlari asosida statistik ma’lumotlarni shakllantirish;
- qonunchilik buzilishi holatlarida foydalanuvchining ma’lumotlarini qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli organlarga taqdim etish.
3.2. Majburiyatlar:
- foydalanuvchilarga elektron davlat xizmatlaridan kafolatlangan va xavfsiz foydalana olishlarini ta’minlash;
- to‘lov tizimlaridan foydalangan holda onlayn to‘lov imkoniyatlarini ta’minlash;
- Yagona portalni texnik qo‘llab-quvvatlash hamda uning uzluksiz va xavfsiz ishlashini ta’minlash;
- Yagona portal orqali elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish.
4. Shaxsga doir ma’lumotlar
4.1. Foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan shaxsga doir ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat qonunchilikda belgilangan tartibda uchinchi shaxslarga taqdim etilishi mumkin.
4.2. Maxfiylik siyosati alohida hujjat sifatida rasmiylashtiriladi va ushbu Shartlarning ajralmas qismi hisoblanadi.
5. Shartlarning o‘zgarishi
5.1. Yagona portal operatori ushbu Shartlarni qonunchilikka o‘zgartirish kiritilishi va texnik-tashkiliy jarayonlar (kiberxavfsizlik, ma’lumotlarni saqlash va boshqalar) takomillashtirilishi sababli o‘zgartirish huquqiga ega.
5.2. Shartlarga kiritilgan o‘zgartirishlar Yagona portalda e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi.
5.3. Kiritilgan o‘zgartirishlar haqida foydalanuvchi shaxsiy kabineti orqali operator tomonidan xabardor qilinadi.
6. Yakuniy qoidalar
6.1. Ushbu Shartlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi asosida tartibga solinadi.
6.2. Shartlarning biror qoidasi belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilsa, qolgan qoidalar o‘z kuchida qoladi.
6.3. Portal bo‘yicha nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
6.4. Foydalanuvchi ushbu Shartlar bilan tanishganini va ularni qabul qilganini tasdiqlaydi.