Bola tug‘ilgandan keyin uch yoshgacha

Ushbu bo‘lim allaqachon baxtli ota-ona bo‘lgan va uch yoshgacha bo‘lgan bolani tarbiyalash bosqichida bo‘lganlar uchun mo‘ljallangan. Biz bu yerda ushbu o‘ziga xos hayot davringizni yanada qulay va quvonchli qilishingizga yordam berish uchun foydali manbalar va ma’lumotlarni to‘pladik.

Homiladorlik ta’tili

Ayolga homiladorlik va tug‘ish ta’tili tug‘ruqqacha 70 (yetmish) kalendar kun va tug‘ruqdan keyin 56 (ellik olti) kalendar kun (tug‘ruq asoratli kechganda yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilganda - yetmish kalendar kun) davomiyligida qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda, lekin o‘rtacha oylik ish haqining yetmish besh foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nafaqa to‘langan holda beriladi. (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 404-moddasi)

Ikki va uch yoshgacha bolani parvarishlash ta’tili

Homiladorlik va tug‘ish ta’tili tugagach, ayolning xohishiga ko‘ra, unga bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bolani parvarishlash uchun ta’til beriladi va bu davr uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa to‘lanadi.

Ayolga uning xohishiga ko‘ra, bolasi uch yoshga to‘lgunga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qo‘shimcha ta’til ham beriladi. (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 405-moddasi)

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda homilador ayollar uchun kafolatlar.

Homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati to‘xtatilgan hollar bundan mustasno. (O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 408-moddasi)


Tug‘ruqdan so‘ng tug‘ruqxonada tibbiy muassasa xodimi tomonidan "Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish" axborot tizimiga bola va unga berilgan familiya, ism, ota ismi, ota-onasi va ularning nikohi, bola ro‘yxatga olinadigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi hamda bola joylashtiriladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish va FHDYo organlariga yuborish uchun ID-karta va nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi taqdim etiladi.

FHDY organi tug‘ilganlik haqidagi yozuvni "FHDYoning yagona elektron arxivi" axborot tizimida qayd etadi va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani QR-kod qo‘yilgan holda davolash muassasasiga yuboradi. Tibbiyot muassasasi ariza beruvchiga QR-kod qo‘yilgan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani beradi.

Tuman (shahar) ichki ishlar organi bolani ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning doimiy yashash joyi bo‘yicha "Manzil" axborot almashinuvi tizimi orqali ro‘yxatga oladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bolani arizada ko‘rsatilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi "Elektron poliklinika" tizimi orqali bolani poliklinikaga ro‘yxatga oladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqani ayolga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank hisob raqamiga yoki Xalq banki bo‘limlari orqali naqd pulda to‘laydi.

Bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasini olish istagida bo‘lgan ota-onalar ota-onasining arizasiga ko‘ra tug‘ilganlik to‘g‘risidagi gerbli guvohnoma eksterritorial asosda beriladigan FHDY organlariga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan murojaat qilishlari mumkin.

Kasalxonadan chiqishda tug‘ruqxona tomonidan bolaning tug‘ilish tafsilotlari (sanasi, vaqti, jinsi, bo‘yi, og‘irligi, shkalasi) to‘g‘risida ma’lumotnoma beriladi, uni patronaj hamshirasiga taqdim etish zarur.

Patronaj hamshirasi kelishiga tayyorgarlik.

Patronaj uchun zarur bo‘lgan hujjatlar: yangi tug‘ilgan chaqaloq bilan birga yashovchilarning ism-sharifi, onaning pasporti va chaqaloqning tug‘ilganlik tafsilotlari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, u chaqaloqning anketasiga ilova qilinadi.

Tug‘ruqxonadan chiqqandan keyingi birinchi kunlarda patronaj hamshirasi yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘rikdan o‘tkazadi, u profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshiradi va qarindoshlariga bolani parvarish qilish asoslarini o‘rgatadi.

Bola hayotining 7-kunida ham patronaj hamshirasi ko‘rigidan o‘tkaziladi.

Qo‘shimcha ko‘riklar bola hayotining 15-kunida, so‘ngra 21 va 28-kunlarida o‘tkazilishi mumkin.

Hayotining birinchi oyidan keyin bola bir yoshga to‘lguncha har oyda vrach ko‘rigidan o‘tib turishi kerak.

Bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish

Mazkur xizmat orqali ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar real vaqt rejimida farzandini navbatga qo‘yish uchun davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga elektron murojaat yuborishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazi orqali yo‘llanma olishi mumkin. Ariza ma’qullangandan so‘ng, bolani navbatga qo‘yish to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.

Farzandingiz 3 yoshga to‘lganidan so‘ng, ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga my.gov.uz orqali yo‘llanma yuboriladi. Yo‘llanma olingandan so‘ng 15 kun ichida uni bolalar bog‘chasiga taqdim etish va bolani rasmiylashtirish kerak. Bolalar bog‘chasiga qabul qilish xizmatlari bepul. Agar bola 3 yoshga to‘lmagan bo‘lsa, u kerakli yoshga to‘lganidan keyin navbatga turishi va yo‘llanma olishi mumkin.

Bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish

Bolani bogʼchaga joylashtirish

4.67
10.1M
4 daq.
Xizmatdan foydalanish

Oxirgi o'zgartirilgan sana: 16.12.2025 - 12:54

Sahifadagi kontent sizga ma'qul keldimi?