Mehnat shartnomasini bekor qilish tushunchasi va asoslari
Mehnat shartnomasini bekor qilish deganda Mehnat Kodeksda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni tugatish tushuniladi.
Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat:
1) taraflarning kelishuvi;
2) mehnat shartnomasi muddatining tugashi;
3) mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga koʻra bekor qilish;
4) mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish;
5) tashkilot mulkdorining almashganligi, uning qayta tashkil etilganligi, tashkilotning idoraviy taalluqliligi (boʻysunuvi) oʻzgarganligi munosabati bilan xodimning ishni davom ettirishni rad etishi;
6) xodimning yangi mehnat shartlarida ishlashni davom ettirishni rad etishi;
7) xodimning ish beruvchi bilan birga boshqa joyga ishlash uchun koʻchishni rad etishi;
8) xodimning tibbiy xulosaga muvofiq sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma boʻlmagan boshqa ishga oʻtkazishni rad etishi yoxud ish beruvchida tegishli ish boʻlmagan taqdirda;
9) taraflarning ixtiyoriga bogʻliq boʻlmagan holatlar;
10) yangi muddatga saylanmaganlik yoki tanlovdan oʻtmaganlik yoxud saylovda, tanlovda ishtirok etishni rad etish;
Mehnat shartnomasi Mehnat Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan oʻzga asoslar boʻyicha ham bekor qilinishi mumkin.
Mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilishni taqiqlash.
Mehnat shartnomasini:
1) Mehnat Kodeksning mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash talabini buzadigan;
2) xodimning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrlarida, u mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan taʼtillarda boʻlgan davrlarda;
3) xodim davlat yoki jamoat majburiyatlarini bajarganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan davrda;
4) xodim xizmat safarida boʻlgan davrda;
5) homilador ayollar (Mehnat Kodeks 408-moddasi) va uch yoshgacha bolasi boʻlgan xodimlar (Mehnat Kodeks 409-moddasi) uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish taqiqlanadi.