- Ayrim sabablarga koʻra farzandimning FHDY organi orqali tugʻilishini qayd ettira olmaganman. Hozirda farzandim 6 yoshda. Farzandimning tugʻilishini qayd etish uchun nima qilishim kerak?
- Men bola topib oldim. Bolaning tugʻilganligini qayd etish tartibi qanday?
- Men yaqinda farzandli boʻldim. Farzandimga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani qayerdan olaman?
- Farzandim hozirda 16 yoshdan oshgan. Tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tugʻilgan. Farzandimning tugʻilganligini qayd etish qanday asosda amalga oshiriladi?
- Farzandimni tugʻilganligini qayd etishni tantanali vaziyatda oʻtkazmoqchiman, shu mumkinmi?
- Yaqinda farzandli boʻldim. Farzandimni tugʻilganligini qayd etish uchun qanday hujjatlar kerak?
- Farzandimga familiya bermoqchiman, tartibini tushuntiring
- Farzandimga qoʻshaloq ism qoʻymoqchiman, bu boʻyicha cheklov yoʻqmi?
- Ayrim sabablarga koʻra farzandim doimiy yashash joyimdan boshqa joyda tugʻildi. Farzandimni tugʻilgan joyi sifatida doimiy yashash hududimni koʻrsatsam boʻladimi?
- Farzandimga hech qanday qoʻshimchalarsiz (-ev, ov; evich, -ovich, oʻgʻli kabi) familiya va ota ismi bermoqchiman, shu mumkinmi?
- Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish tartibi haqida maʻlumot bering
- Bola tugʻilgandan keyin vafot etsa, tugʻilganlik hamda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlari tuziladimi?
- Bolaning shaʻni va qadrini kamsitishi mumkin boʻlgan ism berilishiga yoʻl qoʻyiladimi?
- Bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʻlumotnomasida nimalar koʻrsatilishi zarur?
- Voyaga yetmagan ota-ona (ulardan biri)ning tugʻilgan bolasini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi qanday?
- Agar bolaning ota-onalari oʻrtasida nikoh qayd etilmagan boʻlsa, bolani roʻyxatga olish tartibi qanday?
Ayrim sabablarga koʻra farzandimning FHDY organi orqali tugʻilishini qayd ettira olmaganman. Hozirda farzandim 6 yoshda. Farzandimning tugʻilishini qayd etish uchun nima qilishim kerak?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Qarorga muvofiq, oʻn olti yoshgacha boʻlgan bolaning tugʻilishini qayd etish uchun FHDY organiga tugʻilishni qayd etish muddatini oʻtkazib yuborganlik sabablari koʻrsatilgan ariza bolaning ota-onasi, ota-onaning qonuniy nikohi mavjud boʻlgan hollarda ulardan biri yoki ishonchnoma asosida boshqa manfaatdor shaxs, ota-onaning oʻrnini bosuvchi shaxs yoxud vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan taqdim etiladi.
Bunday hollarda FHDY organi tugʻilish faktini tasdiqlovchi hujjatga qoʻshimcha ravishda qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa hujjatlarni ham talab qiladi.
Agar tugʻilganlikni qayd etish toʻgʻrisidagi ariza belgilangan muddatdan oʻtkazilib berilgan boʻlsa, tugʻilish tugʻilganlik toʻgʻrisidagi dalolatnomalarni qayd etish joriy roʻyxatga olish daftariga qayd etiladi.
Men bola topib oldim. Bolaning tugʻilganligini qayd etish tartibi qanday?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etish ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa maʻmuriyati yoki tibbiyot muassasasining arizasiga binoan amalga oshiriladi. Bolani topib olgan shaxs bu haqda yigirma toʻrt soat mobaynida ushbu tumandagi ichki ishlar organiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi kerak.
Ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi maʻmuriyati bola topilganidan keyin yetti ish kunidan kechikmagan muddatda FHDY organlariga topib olingan (tashlab ketilgan) bolani qayd etish haqida murojaat etishlari shart.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bola tugʻilganligini qayd etish haqidagi arizada bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va boʻyi haqidagi maʻlumotlar aniq koʻrsatilishi zarur.
Topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga ota-onasining familiyasi, ismi va millati toʻgʻrisidagi maʻlumotlar ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi maʻmuriyatining koʻrsatmalari asosida kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida koʻrsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
Men yaqinda farzandli boʻldim. Farzandimga tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani qayerdan olaman?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Qarorga muvofiq, bolaning tugʻilishini qayd etish majburiy boʻlib, fuqarolarning doimiy (vaqtincha) roʻyxatdan oʻtgan joyidan qatʻi nazar FHDY organi tomonidan amalga oshirilishi lozim.
Farzandim hozirda 16 yoshdan oshgan. Tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tugʻilgan. Farzandimning tugʻilganligini qayd etish qanday asosda amalga oshiriladi?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Qarorga muvofiq, 16 yoshdan oshgan tibbiy muassasadan tashqarida va tibbiy yordamsiz tugʻilgan bolaga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan tugʻilganlik haqidagi maʻlumotnoma rasmiylashtirilmagan shaxslarning tugʻilganligini qayd etish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshiriladi.
Agar bola 16 va undan katta yoshda boʻlsa va unga nisbatan tibbiyot muassasasi tomonidan rasmiylashtirilgan tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʻlumotnoma mavjud boʻlsa, uning tugʻilishi ota-ona yoki ulardan biri va voyaga yetgan bolaning arizasiga koʻra qayd etiladi.
Farzandimni tugʻilganligini qayd etishni tantanali vaziyatda oʻtkazmoqchiman, shu mumkinmi?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Qarorga muvofiq, Ota-onaning istagiga koʻra FHDY organi bolaning tugʻilganligini qayd etishni tantanali vaziyatda oʻtkazishi mumkin.
Yaqinda farzandli boʻldim. Farzandimni tugʻilganligini qayd etish uchun qanday hujjatlar kerak?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Qarorga muvofiq, tugʻilganlikni qayd etish uchun: bola tugʻilganligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʻlumotnomasi (tugʻilganlikni kompleks davlat xizmati sifatida qayd etish bundan mustasno), ota-onalarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari (fuqarolik pasporti, xorijga chiqish pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta, harbiy xizmatchining harbiy bileti), nikoh tuzilganligi toʻgʻrisidagi gerbli guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi ariza yoxud nikohda boʻlmagan onaning arizasi taqdim etiladi.
Farzandimga familiya bermoqchiman, tartibini tushuntiring
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Bolaning tugʻilganligini qayd etishda unga familiya ota-onasining kelishuviga koʻra ota yoki onaning familiyasi, shuningdek milliy anʻanalarga muvofiq ota yoki ona tomonidan boboning ismi boʻyicha beriladi. Kelishuv boʻlmagan taqdirda nizolar vasiylik va homiylik organi, konsullik okrugida esa — konsul tomonidan hal etiladi.
Farzandimga qoʻshaloq ism qoʻymoqchiman, bu boʻyicha cheklov yoʻqmi?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Bolaga ism ota-onaning roziligiga koʻra beriladi. Bolaga qoʻshaloq ism berishga yoʻl qoʻyiladi (Saidahmadxoʻja, Toʻxtamurodjon, Guliraʻno, Mirzaolim, Mirzo Ulugʻbek, Roza-Mariya).
Ayrim sabablarga koʻra farzandim doimiy yashash joyimdan boshqa joyda tugʻildi. Farzandimni tugʻilgan joyi sifatida doimiy yashash hududimni koʻrsatsam boʻladimi?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Yoʻq, boʻlmaydi. Tugʻilishni qayd etishning barcha hollarida bola tugʻilgan maʻmuriy hudud uning tugʻilgan joyi sifatida yoziladi.
Farzandimga hech qanday qoʻshimchalarsiz (-ev, ov; evich, -ovich, oʻgʻli kabi) familiya va ota ismi bermoqchiman, shu mumkinmi?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Bolaning familiyasiga “-ev”, “-ov”, “-eva”, “-ova” kabi hamda ota ismiga “-evich”, “-ovich”, “-evna”, “-ovna”, “qizi”, “oʻgʻli”, “-iy”, “-xon”, “-xoʻja”, “-xoji”, “-bek”, “-zoda”, “mir-”, “abdu-” kabi qoʻshimchalarini kiritish yoki shu kabi qoʻshimchalarni olib tashlash orqali tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd etilishi mumkin.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish tartibi haqida maʻlumot bering
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish bola joylashgan tibbiyot muassasasi yoxud bola joylashgan joydagi vasiylik va homiylik organi arizasiga muvofiq, bolaning onasi tomonidan tashlab ketilganidan 7 kun oʻtmasdan amalga oshiriladi. Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolani qayd etish uchun arizada bolaning tashlab ketilgan vaqti, joyi va tashlab ketilgan paytdagi holati, yoshi, jinsi, vazni va boʻyi haqidagi maʻlumotlar aniq koʻrsatilishi zarur.
Onasi tomonidan tashlab ketilgan bolaning familiyasi, ismi, ota ismi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar, shuningdek ota-ona toʻgʻrisidagi maʻlumotlar tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuviga yuqorida koʻrsatilgan organlarning koʻrsatmasiga binoan kiritiladi. Bunday holda bolaning va uning ota-onasi sifatida koʻrsatilgan shaxslarning familiyasi bir xilda yoziladi.
Bola tugʻilgandan keyin vafot etsa, tugʻilganlik hamda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlari tuziladimi?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Agar bola tugʻilgandan keyin vafot etsa, hatto u bir necha daqiqa yashasa ham, tugʻilganlik hamda oʻlim haqidagi dalolatnoma yozuvlari tuziladi.
Bunday hollarda tugʻilish haqidagi dalolatnoma yozuvi tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʻlumotnoma asosida, oʻlganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi esa — perinatal oʻlim haqidagi tibbiy maʻlumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Bolaning shaʻni va qadrini kamsitishi mumkin boʻlgan ism berilishiga yoʻl qoʻyiladimi?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Bolaning manfaatlaridan kelib chiqqan holda, unga kelgusida uning shaʻni va qadrini kamsitishi mumkin boʻlgan ism berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bola ismiga doir kelishuv mavjud boʻlmaganda paydo boʻlgan kelishmovchilik vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
Bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʻlumotnomasida nimalar koʻrsatilishi zarur?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Bolaning tugʻilganlik toʻgʻrisidagi tibbiy maʻlumotnomasida:
onaning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, tugʻilgan sanasi, millati, fuqaroligi, oilaviy ahvoli, maʻlumoti;
bolaning tugʻilgan vaqti, sanasi va joyi, jinsi, vazni, boʻyi;
homiladorlik muddati, hisob boʻyicha nechanchi homiladorlik;
bolaning tirik tugʻilganligi mezonlari (nafas olishi, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi, muskullarning beixtiyoriy qisqarishi);
tibbiy maʻlumotnomaning berilgan vaqti, tartib raqami va tibbiyot muassasasining nomi toʻgʻrisidagi maʻlumotlar koʻrsatilishi zarur.
Voyaga yetmagan ota-ona (ulardan biri)ning tugʻilgan bolasini roʻyxatdan oʻtkazish tartibi qanday?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Voyaga yetmagan ota-ona (ulardan biri)ning tugʻilgan bolasi umumiy asoslarda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Bunda voyaga yetmagan ota-onaning qonuniy vakili yoki vasiylik va homiylik organining ishtiroki talab etiladi.
Agar bolaning ota-onalari oʻrtasida nikoh qayd etilmagan boʻlsa, bolani roʻyxatga olish tartibi qanday?
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 14.11.2016-yildagi 387-son qarori.
Agar ota-onalari oʻrtasida nikoh qayd etilmagan boʻlsa (tugʻilishni qayd etishda onasi ishtirok etmagan taqdirda) bolaning otasi haqidagi yozuv onaning notarial yoki tibbiy muassasa tomonidan tasdiqlangan arizasi boʻyicha amalga oshiriladi.
Bunda bola otasining familiyasi tugʻilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnoma yozuvida onasining familiyasi boʻyicha, bola otasining ismi, ota ismi va millati onaning koʻrsatmasi boʻyicha qayd etiladi.