Bundan buyog‘iga haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qish vaqtida mashg‘ulotlarga qatnashmaslik, o‘qimaslik o‘zingizga zarar bo‘ladi. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 272-son qaroriga muvofiq, endi haydovchilik guvohnomasini olish uchun topshiriladigan nazariy va amaliy imtihonlar tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan inson omili cheklangan holda, avtomatlashtirilgan avtodrom va imtihon olish xonalarida o‘tkazilishini aytmoqda YHXBB.
Xabarga ko‘ra, mazkur avtomatlashgan tizim haydovchilikka nomzodlarning o‘quv muassasasiga kelib ketishi, darslarda va mashg‘ulotlarda qatnashishi, ichki imtihonlardan o‘tgan yoki o‘tmaganligining to‘liq nazoratini olib borib, yakuniy imtihonlarga ruxsat beradi.
Natijada imtihonlardan o‘tish uchun birgina imkoniyat qoladi — bu yaxshi o‘qish, yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘zlashtirish va avtomototransport vositasini boshqarishni mukammal o‘rganish.
YHXBB, shuningdek, fuqarolarni korrupsion yo‘llar orqali haydovchilik guvohnomasini olish haqida o‘ylash endilikda ilojsiz va noto‘g‘ri qaror ekanligi bo‘yicha ham ogohlantirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida:
Haydovchilarni tayyorlash o‘quv kursini tamomlagan fuqarolar o‘z hujjatlarini hududiy ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalariga yuborish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy etilgan “Haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonga ariza topshirish” xizmatidan foydalanishlari mumkin.